Hozirda «Istiqlol» san`at saroyi deb atalayotgan sobiq «Xalqlar do’stligi» saroyiga avvalgi nomi qaytariladi. O’zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev payshanba kuni bo’lib o’tgan videoselektor yig’ilishida shunday taklif bilan chiqdi. Davlat rahbari matbuot xizmati bu haqda tegishli videolavhani e`lon qilgan.

Urush paytida Ukraina, Belarus va Rossiyadan turli millatga mansub 1 milliondan ortiq aholi, shu jumladan 200 ming yosh bolalar O’zbekistonga evakuatsiya qilingan. Xalqimiz ularga mehr berib, boshpana, oziq-ovqat, kiyim-kechak bilan ta`minlagan. Ayniqsa, juda ko’p o’zbek oilalari yetim bolalarni o’ziga farzand qilib olib, tarbiyalagan. Ana shulardan biri – 14 nafar yetim bolani o’z tarbiyasiga olgan toshkentlik temirchi Shoahmad Shomahmudov xonadonidir, degan Shavkat Mirziyoyev.

«Yer yuzidan juda kamdan-kam davlat va millat bunday yuksak insoniy fazilatlar bilan g’ururlanishi mumkin. Vaqt o’tgan sari Shomahmudovlar oilasi ko’rsatgan bu qahramonlikning ahamiyati va qadri tobora oshib bormoqda», – deya ta`kidlab o’tdi prezident.

«Tarixiy haqiqatni qaror toptirish, xalqimizning ezgu fazilat va qadriyatlarini abadiylashtirish uchun Shomahmudovlar oilasiga bag’ishlangan Xalqlar do’stligi, deb nomlangan yodgorlik ansamblini poytaxtimiz markazidagi maydonga qaytarsak adolatli bo’lardi», – deya qayd etgan davlat rahbari.

Toshkentning Shayxontohur tumanidagi ko’chaga Shomahmudovlar nomi qaytariladi. Metro bekati ham «Xalqlar do’stligi», maydon ham Do’stlik maydoni, «Istiqlol» san`at saroyi ham «Xalqlar do’stligi» deb qaytariladi, dedi Shavkat Mirziyoyev.

«Bizning bag’rikengligimiz ota-bobolarimizdan qolgan va qoladi. Ilohim, bolalarimizga ham shu o’tsin. Ana shu adolat bo’ladi», – deya ta`kidlab o’tdi prezident.

Izoh qoshing

E-pochta manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy ma'lumotlar * bilan belgilangan