O’zbekiston Respublikasi Xalq ta`limi hamda Moliya vazirligining 2016 yil 23 avgustdagi 2821-sonli qaroriga asosan qabul qilingan Maktabgacha ta`lim muassasalari va maktab-internatlaridagi bolalar ta`minotiga haq to’lash tartibi to’g’risidagi Nizomga ko’ra maktabgacha ta`lim muassasasi uchun to’lov to’lashda fuqarolarning ba`zi toifalariga imtiyozlar beriladi. Bu haqda Kun.uz Maktabgacha ta`lim vazirligi axborot xizmati xabariga asoslanib yozmoqda.

Maktabgacha ta`lim muassasalari va maktab-internatlardagi bolalar ta`minotiga haq to’lash tartibi to’g’risidagi nizomga asosan maktabgacha ta`lim muassasalaridagi bolalar umumiy sonining 15 foizi doirasida kam ta`minlangan oilalar farzandlari to’lovdan ozod qilinadi.

Bunda birinchi navbatda ota-onalaridan biri yoki ikkalasi I yoxud II guruh nogironi bo’lgan kam ta`minlangan oila farzandlariga, shuningdek o’rtacha oylik jami daromadi eng past darajada bo’lgan kam ta`minlangan oila farzandlariga imtiyoz beriladi.

To’lovdan ozod qilinadigan kam ta`minlangan oila farzandlari ro’yxati mahalla tomonidan berilgan oilaning mulkiy ahvoli to’g’risida ma`lumotnomaga va tegishli maktabgacha ta`lim muassasasi ota-onalar qo’mitasining xulosasiga asosan aniqlanadi va shakllantiriladi.

To’lovdan ozod qilinadigan kam ta`minlangan oila farzandlari ro’yxati har o’quv yilining 25 sentabr kuniga qadar tegishli maktabgacha ta`lim muassasasi rahbarining buyrug’i bilan tasdiqlanadi.

Ro’yxatiga kirmay qolgan, shuningdek yil davomida aniqlangan kam ta`minlangan oilalar farzandlari hisobidan zaxira shakllantiriladi.

To’lovdan ozod qilingan bolalarning maktabgacha ta`lim muassasasiga qatnashi (bo’lishi) to’xtatilishi natijasida bo’shab qolgan o’rinlar zaxiradan to’ldirib boriladi.

To’lovdan ozod qilinadigan kam ta`minlangan oila farzandlari ro’yxati u tasdiqlangandan keyin o’quv yil davomida qayta ko’rib chiqilishi mumkin.

Bundan tashqari, bolalarning jismoniy yoki aqliy rivojlanishidagi quyidagi nuqsonlarida maktabgacha ta`lim muassasalarida bolalar ta`minoti uchun ota-onalar to’lovi undirilmaydi:

nutqidagi og’ir nuqsonlar (rinolaliya, duduqlanish, bolalar afaziyasi, ruhiy-nutqiy rivojlanishda orqada qolish);

eshitishdagi og’ir nuqsonlar (II — IV darajadagi karlik);

ko’rishdagi og’ir nuqsonlar (ko’zi ojizlar, bir ko’zi soqqasi yo’qligi (anoftalm), ambliopiya va g’ilay bo’lgan zaif ko’radiganlar);

tayanch-harakatlanishidagi nuqsonlar (bosh miya, bo’yin, ko’krak qafasi, umurtqa, bo’g’imlar va oyoqlar operatsiyalarining barcha turlaridan keyingi holati; bo’yin, ko’krak qafasi, umurtqaning idiapatik deformatsiyalari; kifoz; lordoz; kifoskolioz; oyoq panjalari falaji; tayanch-harakatlanish a`zosi rivojlanishi anomaliyalari; artrozoartritlar; ostexondropatiya; xondrodistrofiya; bolalar tserebral falaji; meningoensefalitga chalingandan keyin hamda tug’uruq asoratlaridan keyingi tayanch-harakatlanish a`zolarining barcha patologiyalari (gemiparez, paraparez, monoparez va shu turdagi plegiyalar); poliradikulonevritlar va ularning asoratlari);

psixik rivojlanishda orqada qolish (aqliy orqada qolish (aqliy faoliyatining orqada qolishi va aqliy zaiflikning yengil darajasi);

murakkab nuqsonlar (rivojlanishda ikki va undan ortiq nuqsonlar mavjudligi);

sil kasalligining ilk ko’rinishi (sil kasalligi bilan kasallangan bemor bilan bir oiladan (xo’jalikdan) bo’lib aloqada bo’lganlar, tubviraj), shuningdek sil kasalligidan keyingi tiklash davri.

 

Izoh qoshing

E-pochta manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy ma'lumotlar * bilan belgilangan